O‘ZBEK TILIDAGI MATNLARNI SO‘Z TURKUMLARI ORQALI SENTIMENT TAHLIL QILISHDA GAP MODELLARINI ISHLAB CHIQISH
Published 2025-05-03
Keywords
- Sentiment tahlil, so‘z turkumlari, sifat (adjective), fe’l(verb), ravish (adverb), ot(noun), inkor konstruksiyalari, emotsional intensivlik, kontekstual elementlar, semantik tahlil, NLP.
Abstract
Zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) sohasiga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ayniqsa, sentiment tahlil texnologiyalari foydalanuvchilar fikrlarini avtomatik ravishda tahlil qilish, ijobiy, salbiy yoki neytral munosabatlarni aniqlash imkonini beradi. Bugungi kunda sentiment tahlil texnologiyalari ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar, sharhlar va foydalanuvchi fikrlariga asoslangan ko‘plab sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Ingliz, xitoy, ispan va boshqa yirik tillar uchun bunday tizimlar yaxshi rivojlangan bo‘lsa-da, o‘zbek tilida sentiment tahlilga yo‘naltirilgan tadqiqotlar hali boshlang‘ich bosqichda qolmoqda. Shu bois, o‘zbek tili uchun xos leksik va grammatik xususiyatlarni hisobga olgan holda samarali sentiment tahlil modellarini ishlab chiqish dolzarb ilmiy va amaliy muammodir. O‘zbek tilida so‘z turkumlari, ya’ni sifat, fe’l, ravish, ot va boshqa grammatik birliklar, gapdagi semantik ulushni belgilovchi asosiy elementlar hisoblanadi. Ushbu turkumlar matndagi hissiy ifodaning aniqligini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi. So‘z turkumlariga asoslangan sentiment tahlil modellarini yaratish esa tilning ichki tuzilmasini chuqur tahlil qilishni talab etadi. Ayniqsa, gap darajasida so‘z turkumlari bilan boyitilgan modellarni ishlab chiqish orqali matn mazmuni aniqroq talqin qilinadi. Shu munosabat bilan, ushbu maqolada o‘zbek tilidagi matnlarni so‘z turkumlari asosida sentiment jihatdan tahlil qilishga yo‘naltirilgan gap modellarini ishlab chiqish bo‘yicha metodologik yondashuvlar bayon etiladi. Maqolada, avvalo, mavjud sentiment tahlil yondashuvlari tahlil qilinadi, so‘ng o‘zbek tili morfologiyasiga moslashtirilgan gap modeli ishlab chiqiladi. Tadqiqotda sifat, fe’l va ravishlarning hissiy ohangni belgilashdagi roli, shuningdek, ot va kontekstual birliklarning qo‘llanishi chuqur o‘rganiladi. Bundan tashqari, inkor konstruksiyalari va bog‘lovchi vositalarning sentimentni o‘zgartirishdagi funksional ta’siri ham tahlil qilinadi. Ushbu yondashuvlar asosida yaratilgan gap modellari sentiment tahlilning aniqligini oshirishda xizmat qilishi ko‘zda tutiladi. Natijada, maqola o‘zbek tilida sentiment tahlilning ilmiy asoslarini kengaytirish hamda real amaliyotda qo‘llashga mos modellarni ishlab chiqishga hissa qo‘shadi.