Аннотация
Tabiiy tilni qayta ishlash (Natural Language Processing – NLP) sun’iy intellektning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, inson tilini kompyuter yordamida qayta ishlash, tushunish va generatsiya qilish masalalarini o‘rganadi. Zamonaviy NLP tizimlari avtomatik tarjima, matn tahlili, savol-javob tizimlari, chatbotlar va axborot qidiruv tizimlarida keng qo‘llanmoqda. Ushbu tizimlarning samaradorligi esa til birliklari o‘rtasidagi grammatik va semantik munosabatlarni to‘g‘ri aniqlashga bog‘liq. Mazkur maqolada o‘zbek tili matnlarini avtomatik sintaktik tahlil qilishning va sintaktik analizatorlarni yaratishning NLPda tutgan o‘rni tahlil qilinadi. Sintaktik analizatorlarning samaradorligi va aniqligi bevosita sifatli korpus, treebank va lingvistik resurslarning mavjudligiga bog‘liq ekanligi asoslab beriladi. Tadqiqotda dependency parsing, Universal Dependencies (UD), morfologik teglash, sintaktik annotatsiya, treebank yaratish metodologiyasi hamda o‘zbek tilining agglyutinativ tabiati bilan bog‘liq muammolar atroflicha yoritilgan. Shuningdek, parserlarni yaratishda reprezentativ korpuslarning roli, annotatsiya standartlari, neyron tarmoqlar va transformer modellaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilinadi. Maqola natijalari o‘zbek tilida zamonaviy sintaktik analizatorlarni yaratish uchun milliy korpus va lingvistik ta’minot tizimini shakllantirish zarurligini ko‘rsatadi.